Sura 1

Fotiha

ٱلْفَاتِحَةِ

Al-Fatihah · Makkiy · 7 oyat

  1. 1

    بِسْمِ ٱللَّهِ ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

    Bismillaahir Rahmaanir Raheem

    Mehribon va rahmli Allohning nomi bilan boshlayman. [1]

    [1] (Alloh taolo Oʻz kitobini «bismillah» bilan boshlagani musulmonlarga ham oʻrnak, ular ham doim oʻz soʻzlarini va ishlarini «bismillah» bilan boshlamoqlari lozim. Paygʻambar alayhissalom hadislaridan birida: «Eʼtiborli har bir ish «bismillah» bilan boshlanmas ekan, uning oxiri kesikdir», deganlar. Yaʼni, barakasi boʻlmaydi, oxiriga yetmaydi.)

  2. 2

    ٱلْحَمْدُ لِلَّهِ رَبِّ ٱلْعَٰلَمِينَ

    Alhamdu lillaahi Rabbil 'aalameen

    Hamd olamlarning Robbi — Allohgadir. [2]

    [2] (Olamlarni yaratgani uchun ham, ularning tarbiyachisi boʻlgani uchun ham, ulardagi barcha jonzotlarga hayot, rizqi roʻz bergani uchun ham Alloh barcha hamdu sanolarga sazovordir.)

  3. 3

    ٱلرَّحْمَٰنِ ٱلرَّحِيمِ

    Ar-Rahmaanir-Raheem

    U Rohman va Rohiymdir. [3]

    [3] (Barchaga-kofirga ham, moʻminga ham mehribon va neʼmat beruvchi. «Rohman» sifati faqat Allohga xos boʻlib, undan boshqa hech kimga nisbatan bu sifatni ishlatib boʻlmaydi. «Rahiym» sifati, xosroq boʻlib, faqat moʻminlarga qiyomat kuni rahm qiluvchi maʼnosini anglatadi va Allohdan oʻzgalarga, jumladan, Paygʻambar alayhissalomga nisbatan ham ishlatiladi.)

  4. 4

    مَٰلِكِ يَوْمِ ٱلدِّينِ

    Maaliki Yawmid-Deen

    Jazo-mukofot kunining Egasidir. [4]

    [4] («Din» soʻzi arabchada hisob, jazo, mukofot maʼnolarini bildiradi. «Yavmid-din» — qiyomat kunida bandalar qayta tiriltirilib hisob-kitob qilinadi. Yaxshiga mukofot, yomonga jazo beriladi. Bu oyatni oʻqiganda qiyomatni eslab, oʻsha dahshatli kunda faqat Allohning oʻzi hukm chiqarishini, oʻsha yerda uyalib qolmaslikni eslab, unga tayyorgarlik koʻrishga ahd qilinadi.)

  5. 5

    إِيَّاكَ نَعْبُدُ وَإِيَّاكَ نَسْتَعِينُ

    Iyyaaka na'budu wa lyyaaka nasta'een

    Faqat Sengagina ibodat qilamiz va faqat Sendangina yordam soʻraymiz. [5]

    [5] («Iyyaka naʼbudu» «faqat Sening aytganingni qilamiz» maʼnosini anglatadi. Bu esa, banda tarafidan Allohga berilgan ulkan vaʼda. Alloh taolo barchamizni ushbu vaʼdaning ustidan chiqadiganlardan qilsin. «Iyyaka nastaʼin» ham, faqat Allohdangina yordam soʻrash maʼnosini anglatadi.)

  6. 6

    ٱهْدِنَا ٱلصِّرَٰطَ ٱلْمُسْتَقِيمَ

    Ihdinas-Siraatal-Mustaqeem

    Bizni toʻgʻri yoʻlga hidoyat qilgin. [6]

    [6] («Hidoyatga boshlash» lugʻatda biror narsaga lutf bilan yoʻllab qoʻyishga aytiladi.)

  7. 7

    صِرَٰطَ ٱلَّذِينَ أَنْعَمْتَ عَلَيْهِمْ غَيْرِ ٱلْمَغْضُوبِ عَلَيْهِمْ وَلَا ٱلضَّآلِّينَ

    Siraatal-lazeena an'amta 'alaihim ghayril-maghdoobi 'alaihim wa lad-daaalleen

    Oʻzing neʼmat berganlarning yoʻliga. Gʻazabga qolganlarnikiga ham emas, adashganlarnikiga ham emas. [7]

    [7] («Neʼmat berilganlar»dan murod — paygʻambarlar, siddiqlar, shahidlar va solih bandalar. «Gʻazabga duchor boʻlganlar»dan murod — yahudiylar. Yahudiylarning gʻazabga duchor boʻlishlarining sabablari koʻp, jumladan, anbiyolarni oʻldirishlari, Allohga bergan ahdlariga vafo qilmasliklari va hokazo. Lekin katta sabab — bilganiga amal qilmaslik. Alloh ularga ilm bergan, ular esa bila turib ilmga amal qilmaganlar. «Adashganlar»dan murod — nasroniylar. Nasorolarning «adashganlar» boʻlishi ham bir qancha sabablarga koʻradir. Eng asosiysi — ular maqsadga erishish yoʻlida Alloh koʻrsatgan yoʻlni emas, oʻzlari topgan yoʻlni tanlaganlar. Demak, oyatning maʼnosi: Ey Alloh, bizni oʻtgan anbiyo-yu avliyo, azizlarning yoʻlidan boshlagin, yahudiy va nasroniylar yoʻlidan boshlamagin, deganidir. Imomi Nasoiy mashhur sahobiy Abu Hurayradan rivoyat qilgan hadisi qudsiyda Alloh taolo aytadi: «Namozni oʻzim bilan bandam orasida ikkiga boʻlganman, bandamga nima soʻrasa, beraman. Agar u (banda) «Alhamdu lillahi robbil ʼalamiyn» desa, Alloh, bandam Menga hamd-shukr aytdi, deydi. Banda: «ar-Rohmanir Rohiym», desa. Alloh: «Bandam Menga sano-maqtov aytdi», deydi. Banda: «Maliki yavmid-din», desa, Alloh: «Bandam Meni ulugʻladi», deydi. Banda: «Iyyaka naʼbudu va iyyaka nastaʼin», desa, Alloh: «Bu Men bilan bandam orasidagi ahd, bandamga nima soʻrasa, beraman», deydi. Agar banda: «Ihdinas sirotal mustaqim, sirotol-laziyna anʼamta ʼalayhim gʻoyril magʻzubi alayhim valazzoolliyn», desa, Alloh: «Bu bandamga xos, bandamga soʻraganini berdim», deydi.)

Tarjima: Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf · QuranEnc.com